O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 2 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kunini nishonlash to‘g‘risida”gi farmoniga asosan ushbu tizim ishchi-xodimlari bu yilgi kasb bayramini 8 bor rasman nishonlashmoqda.
Temir yo‘l transporti xodimlari kuni bayramining asosiy tadbirlari erta tongdan poytaxtimiz Toshkentda boshlandi. Shu kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv binosiga mamlakatimizning turli hududlaridan ilg‘or kasb egalari tashrif buyurishdi.
Boshqaruv binosining ko‘rkam va muhtasham majlislar zalida soha xodimlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbirda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Z.Narzullayev, uning o‘rinbosarlari, O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi Q.Sabirov, mintaqaviy temir yo‘l uzellari rahbarlari, boshqarma va korxona boshliqlari, mutaxassislar va ishchi-xodimlar ishtirok etishdi.
Marosimda Z.Narzullayev so‘zga chiqdi va barcha temiryo‘lchilarni kasb bayrami bilan samimiy tabrikladi.
– Temir yo‘l sohasida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorliklarda shu yerda o‘tirgan ko‘plab soha xodimlarining katta hissasi bor, bugun ularning bir qismi munosib taqdirlanyapti, – dedi Z.Narzullayev. –Aslida har biringiz e’tirofga, e’zozga hamda nufuzli mukofotlarga munosibsiz. Barchangizni ana bugungi qutlug‘ ayyom bilan chin ko‘ngildan samimiy tabriklayman. Muhtaram Prezidentimiz va hukumatimizning alohida e’tibori bilan temir yo‘l sohasi faoliyati yildan yilga rivojlanib bormoqda. Ushbu yutuqlar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q, albatta. Bunda siz kasbi tajribali, malakali va fidoyi temiryo‘lchilarning, tashabbuskor rahbar xodimlarning juda katta hissasi bor. Bugun ana shu zaxmatkash temiryo‘lchilarni har qancha sharaflasak, arziydi. Prezidentimiz nomidan, o‘zim va rahbariyat nomidan barchangizni kasb bayrami bilan yana bir bor tabriklayman.
An’anaga ko‘ra bu yilgi kasb bayramida ham 68mingdan ortiq temiryo‘lchilar orasida o‘zining soha rivojiga hissa qo‘shgan mehnati tufayli 28 nafar xodimlar “Faxriy temiryo‘lchi” ko‘krak nishonimukofotiga sazovor bo‘ldi.
Boshqaruv raisi temir yo‘l tizimida uzoq yillar samarali faoliyat ko‘rsatgan har bir mukofot sohiblariga “Faxriy temiryo‘lchi” belgisini tantanali tarzda topshirdi.
Shuningdek, Hamdo‘stlikka a’zo davlatlar temir yo‘l transporti bo‘yicha kengashi tomonidan xalqaro temir yo‘l rivoji, do‘stona hamkorlik ishlariga munosib hissasi va temir yo‘l sohasidagi samarali mehnatlari uchun “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining 4 nafar fidoyi kasb egalari “Faxriy yorliq” bilan taqdirlandi.
Tadbirda “Faxriy tem‘iryo‘lchi” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘lgan bir guruh mukofot sohiblari ham so‘zga chiqib, sohamiz xodimlari orasida eng oliy mukofotga loyiq ko‘rilgani uchun rahbariyatga va barchaga o‘z minnatdorchiliklarini bildirib, temiryo‘lchilarni xususan, mukofot sohiblarini chin dildan tabriklashdi.
Tadbir so‘nggida Z.Narzullayev respublikamizning barcha temiryo‘lchilariga, shuningdek, mukofot sohiblariga yana bir bor omad, muvaffaqiyat, oilaviy baxt hamda temir yo‘l tizimini rivojlanishida yanada ko‘proq hissa qo‘shishlariga umid bildirdi.
Shundan so‘ng mukofot sohibi bo‘lgan temiryo‘lchilar boshqaruv binosi xovlisida esdalik uchun tarixiy suratlarga tushishdi va ular uchun Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohat tashkil etildi.
Bayram tadbirlari davom etmoqda.